70- HIKOYA
Yunus va nahang baliq
SUV ostidagi odamga qarang. U qanday xavfli vaziyatda ekanligini ko‘ryapsizmi? Uni baliq yutib yubormoqchi! Bu odam kimligini bilasizmi? Uning ismi Yunus. Keling, qanday qilib u bunday falokatga uchraganini bilib olaylik.
Yunus Yahovaning payg‘ambari. Elishay payg‘ambarning vafotidan ko‘p o‘tmay, Yahova Yunusga: «Qudratli Naynavo shahriga bor. Jar solib, u yerdagilarni ogohlantir, chunki bu shahar ahlining yovuzligi oshib-toshgan»,— deb topshiriq berdi.
Ammo Yunus borishni xohlamadi. Shu sababli u, Naynavodan qarama-qarshi tomonga jo‘nab ketayotgan kemaga o‘tirdi. Yahova bundan norozi. Shunda Xudo dengizda shu qadar kuchli bo‘ron qo‘zg‘atdiki, kema cho‘kishiga sal qoldi. Kemachilar dahshatga tushib, xudolariga yordam so‘rab yolvora boshlashdi.
Oxiri Yunus ularga: «Men osmon bilan yerni yaratgan Yahova Xudoga topinaman. Hozir esa Yahovaning topshirig‘ini bajarmaslik uchun qochib ketyapman»,— dedi. Shunda kemachilar: «Dengiz tinchlanishi uchun seni nima qilsak ekan-a?» — deb so‘radilar.
— Meni dengizga uloqtirsangiz, u tinchlanadi,— deb javob berdi Yunus. Kemachilar bunday qilishni xohlamadilar, ammo bo‘ron yanada kuchayib ketdi va nihoyat ular Yunusni olib kemadan uloqtirdilar. Bo‘ron shu zahotiyoq to‘xtab, dengiz yana tinchlanib qoldi.
Yunusni suv ostida nahang baliq yutib yubordi. Ammo u halok bo‘lgani yo‘q. Uch kechayu uch kunduz baliq qornida qoldi. Yunus Xudoga quloq solmay Naynavoga bormaganidan juda ham afsuslandi. U nima qilganini bilasizmi?
Yunus yordam so‘rab Allohga ibodat qildi. Shunda Yahova Yunusni baliqning ichidan quruqlikka chiqartirdi. Bundan so‘ng Yunus Naynavoga ketdi. Bu hikoya bizni Yahovaning har qanday topshirig‘ini bajarish naqadar muhimligiga o‘rgatmayaptimi?
Yunus 1–4- boblar.